Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-klinikasi (sobiq Samarqand bolalar xirurgiya markazi) bosh shifokori boshchiligidagi mutaxassislar Jizzax viloyatining Baxmal tumanida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazdi.
Tumanning olis qishloqlaridan tuman markaziy poliklinikasi va Baxmal qishlog‘idagi 3-sonli oilaviy poliklinikaga taklif etilgan bolalarni klinikaning yuqori malakali shifokorlari ko‘rikdan o‘tkazib, zarur tavsiyalar berdi.
– Prezidentimizning tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti va yaqinda tibbiyot sohasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar asosida nafaqat Samarqand, balki qo‘shni viloyatlardagi olis aholi manzillarida bo‘lib, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush targ‘ibotini olib boryapmiz, bolalarni ko‘rikdan o‘tkazyapmiz, – deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-klinikasi bosh shifokori Jamshid Shamsiyev. – Baxmaldagi tibbiy ko‘rigimiz shunday tadbirlarning navbatdagisi bo‘ldi. Ko‘rik davomida asosiy e’tibor jarrohlik kasalliklari va tug‘ma nuqsonli bolalarni aniqlashga qaratildi. Jarroh, nevrolog, stomatolog, pediatr, UTT mutaxassisi, bolalar ginekologi, kardiolog singari mutaxassislarimiz tomonidan 632 nafar bola ko‘rikdan o‘tkazildi. 68 nafar bolada turli jarrohlik kasalliklari aniqlanib, ularni klinikamizda sog‘lomlashtirish yuzasidan ota-onalariga tavsiyalar berildi.