2025-yil 15-mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi hodimlari, SamDTU 1-sonli bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Sh.A. Yusupov va klinikaning bolalar anesteziologiya va reanimatsiyasi bo‘limi vrach-ordinatori R.S. Shaymatovlar tomonidan Navoiy shahrida “Neonatologiya va chaqaloqlar xirurgiyasi o‘rtasidagi chegaraviy holatlar” mavzusida o‘quv seminar-trening o‘tkazildi.
Mazkur seminar Navoiy viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi majlislar zalida tashkil etilib, unda yetakchi mutaxassislar – bolalar xirurglari, pediatrlar va neonatologlar ishtirok etdi. Tadbirni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari A. Yorqulov ochib, ishtirokchilarni seminarning maqsad va vazifalari bilan tanishtirdi.
Seminarning asosiy ma’ruzasi “Bolalar xirurgiyasining zamonaviy muammolari” mavzusida bo‘lib, uni Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-sonli bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Sh.A. Yusupov taqdim etdi. Ma’ruza rangli illyustratsiyalar bilan boyitilgan taqdimot shaklida o‘tkazildi. Shuningdek, seminar davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollar muhokama qilinib, atroflicha javoblar berildi.
So‘ngra klinikaning bolalar anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi vrach-ordinatori R.S. Shaymatov “Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga intensiv terapiya ko‘rsatish xususiyatlari” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Tinglovchilarni qiziqtirgan savollarga professor Sh.A. Yusupov batafsil javob berdi.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning dolzarbligi alohida ta’kidlandi. Xususan, erta yoshda jarrohlik kasalliklariga chalingan bolalarga imkon qadar tezroq tashxis qo‘yish va davolash taktikasini samarali yuritish maqsadida 24 soatlik Telegram kanali tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida jarrohlik xastaligiga chalingan, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbariyati klinika xodimlaridan viloyatdagi bolalar xirurglari, anesteziologlari, reanimatologlari, pediatrlari va neonatologlari malakasini oshirish uchun sayyor o‘quv kurslarini tashkil etishda ko‘mak so‘radi.
Tashrif davomida hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid qator masalalar ham muhokama qilindi.