Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” mavzusidagi talabalar va yosh olimlarning 80-xalqaro ilmiy-amaliy anjumani doirasida xorijiy delegatsiyalar 16-may kuni universitetning Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasiga tashrif buyurdilar.
Faxriy mehmonlarni SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev hamda klinika bosh vrachi, professor Jamshid Shamsiyev kutib oldilar.
Delegatsiya tarkibida Rossiyaning N.N. Burdenko nomidagi Voronej davlat tibbiyot universiteti rektori Ivan Petrovich Moshurov, shuningdek, Belarusning Grodno davlat tibbiyot universiteti prorektori Andrey Viktorovich Bolbat va davolash fakulteti dekani Viktor Valentinovich Kudlo ishtirok etdilar.
Tashrif davomida xorijiy mutaxassislar klinika faoliyati, uning zamonaviy imkoniyatlari hamda bolalarga ixtisoslashtirilgan jarrohlik yordamini ko‘rsatish tizimi bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, mehmonlar universitetning zamonaviy simulyatsiya markazini ko‘zdan kechirdilar. Delegatsiya a’zolariga markazda ilg‘or ta’lim texnologiyalari asosida talabalar va yosh mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish uchun yaratilgan imkoniyatlar batafsil namoyish etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar tibbiy ta’lim, klinik amaliyot va ilmiy faoliyat sohalarida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.



