2025-yil 15-mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti (SamDTU) ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi xodimlari, SamDTU 1-sonli bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, professor Sh.A. Yusupov va klinikaning bolalar anesteziologiya va reanimatsiya bo‘limi vrach-ordinatori R.S. Shaymatov Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasiga tashrif buyurishdi.

  Tibbiyot birlashmasi bosh shifokorining o‘rinbosari A. Bobomurodov mehmonlarni jarrohlik, anesteziologiya va reanimatsiya, shoshilinch tibbiy yordam kabi yo‘nalishlarning faoliyati bilan tanishtirdi. Shuningdek, bolalarda uchraydigan jarrohlik kasalliklariga tashxis qo‘yish va ularni davolash imkoniyatlari muhokama qilindi.

  Klinika xodimlari jarrohlik yo‘li bilan davolanayotgan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazib, ularning holatini baholashdi hamda o‘z maslahat va zarur tavsiyalarini berishdi. Shuningdek, Paxtachi tumanida jarrohlik xastaligiga chalingan, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga malakali yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

  Tibbiyot birlashmasi ma’muriyati tumandagi anesteziolog, reanimatolog, pediatr va neonatolog shifokorlarining malakasini oshirish maqsadida sayyor o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha taklif bilan chiqdi.

  Tashrif davomida klinika xodimlari tomonidan zarur tavsiyalar va tushuntirishlar berildi.