Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida bolalar xirurgiyasi sohasidagi eng so‘nggi yutuq va usullarga bag‘ishlangan xalqaro mahorat darsi (workshop) bo‘lib o‘tdi.

  Uch kun davom etgan tadbirda dunyoning yetakchi mutaxassislari jam bo‘ldi. Dasturda O‘zbekiston, Polsha, Turkiya, Bosniya va Gersegovina, Iroq hamda Tunisdan tashrif buyurgan taniqli professorlar ishtirok etdi.

  Xorijiy ekspertlar o‘zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikda bolalar xirurgiyasidagi eng zamonaviy va ilg‘or yondashuvlarni amaliyotda namoyish etdilar. Shuningdek, malaka oshirish va yangi texnologiyalarni o‘rganish maqsadida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan shifokorlar hamda klinik ordinatorlar ham tadbirda faol qatnashdilar.

  Mahorat darslari davomida minimal invaziv xirurgiya — kam shikast yetkazuvchi, kichik kesmalar orqali amalga oshiriladigan operatsiyalar, intervension bronxoskopiya hamda gipospadiyani xirurgik davolash kabi murakkab va zamonaviy yo‘nalishlar qamrab olindi.

  Kurs yakunida barcha ishtirokchilarga xalqaro darajadagi maxsus sertifikatlar topshirildi.