Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi delegatsiyasi klinika bosh vrachi, professor Jamshid Shamsiyev boshchiligida 27-aprel – 6-may kunlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrifning muhim natijalaridan biri Xitoyning nufuzli tibbiyot muassasalaridan biri — Sian Szyatun universitetining Birinchi sho‘ba shifoxonasi bilan hamkorlik memorandumi imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat bolalar xirurgiyasi sohasida klinik, ilmiy va akademik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Xizmat safari davomida delegatsiya shifoxonaning zamonaviy raqamli operatsiya xonalari, reanimatsiya va neonatologiya bo‘limlari, shuningdek, ilg‘or diagnostika va davolash texnologiyalari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganilgan ilg‘or tajriba va texnologiyalarni SamDTU Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasi amaliyotiga bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari
- Akademik mobillik — klinika shifokorlari, klinik ordinatorlar va talabalar uchun Xitoyning ilg‘or tibbiyot markazlarida stajirovka o‘tash va malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish;
- Zamonaviy tibbiy texnologiyalar — bolalar xirurgiyasida ilg‘or diagnostika, davolash va bemorlarni monitoring qilish usullarini o‘zlashtirish va amaliyotga tatbiq etish;
- Ilmiy hamkorlik — qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularning natijalarini Scopus va Web of Science bazalarida indekslanuvchi xalqaro ilmiy jurnallarda chop etish;
- Tajriba almashish — ikki muassasa mutaxassislari o‘rtasida muntazam ilmiy-amaliy va klinik tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
Tashrif doirasida professor Jamshid Shamsiyev xitoylik hamkasblari uchun bolalar xirurgiyasining dolzarb masalalari va Samarqand tajribasiga bag‘ishlangan ma’ruza qildi. Taqdim etilgan klinik tajriba va amaliy yondashuvlar xitoylik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayni paytda imzolangan memorandum asosida hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish ishlari boshlangan. Dastlabki stajirovkalarda ishtirok etadigan mutaxassislar ro‘yxatini shakllantirish hamda bemorlarni kuzatish va davolashning yangi texnologiyalarini klinik amaliyotga joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Mazkur hamkorlik SamDTU Ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgik klinikasining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, mutaxassislar malakasini oshirish va, eng muhimi, bolalarga jahon standartlari darajasida zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.




