Samarqand davlat tibbiyot universiteti Ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi shifokorlari Xitoy Xalq Respublikasining Sian Szyaotun universiteti qoshidagi Birinchi klinik shifoxonasida malaka oshirib qaytdilar.

  Mazkur xizmat safari ikki muassasa o‘rtasida avval imzolangan o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida hamda tibbiy texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma o‘quv dasturi asosida tashkil etildi.

  Klinikaning yetakchi mutaxassislari — Ilhom Tagaev va Zafar Mahmudov joriy yilning 1–5-iyun kunlari minimal invaziv endoskopik texnologiyalar bo‘yicha intensiv o‘quv dasturida ishtirok etdilar.

Besh kunlik o‘quv kursi davomida mutaxassislar quyidagi ustuvor yo‘nalishlarda tajriba almashdilar:

  • Robotlashtirilgan jarrohlik. Shifokorlar dunyoga mashhur “Da Vinci” robotik tizimi yordamida bajarilgan operatsiyalarda bevosita qatnashib, 3D vizualizatsiya va yuqori aniqlikdagi texnologiyalarning imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
  • Kam invaziv texnologiyalar. Laparoskopik va endoskopik amaliyotlarda qo‘llaniladigan zamonaviy optik hamda energetik asbob-uskunalar o‘rganildi.
  • Molekulyar-genetik laboratoriyalar. Sian Szyaotun universitetining tibbiyot fakultetida pediatriyada jarrohlik taktikasini belgilashga xizmat qiluvchi zamonaviy diagnostika usullari bilan tanishildi.
  • Muhandislik ishlanmalari. Jarrohlik amaliyoti uchun yaratilayotgan yangi tibbiy asboblar prototiplari va ularni klinik amaliyotga joriy etish istiqbollari muhokama qilindi.
  • Raqamli infratuzilma. Shifoxonaning zamonaviy binosidagi raqamlashtirilgan tizimlar, intensiv terapiya va sterilizatsiya bo‘limlari faoliyati o‘rganildi.

  Dastur yakunida shifokorlarga o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlaganliklarini tasdiqlovchi xalqaro sertifikatlar topshirildi.

  Shuningdek, xizmat safari davomida mezbon tomon ishtirokchilar uchun Sian shahrining tarixiy obidalari hamda mashhur Terrakota armiyasi majmuasiga madaniy ekskursiya tashkil etdi.

  Mazkur o‘quv dasturi mutaxassislarning kasbiy malakasini yanada oshirish, SamDTU Ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida ilg‘or tibbiy texnologiyalarni keng joriy etish hamda ikki muassasa o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.