SamDTU ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasi shifokorlari Xitoyning Shinjon–Uyg‘ur Avtonom Rayoni Bolalar shifoxonasida bolalar xirurgiyasi hamda chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi bo‘yicha malaka oshirdilar

  Joriy yilning 24-oktyabridan 22-noyabrigacha Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasidan 2 nafar mutaxassis — Abbasov Xojimuhammad Xabibullayevich va Jumanov Shazat G‘ayratovich Xitoy Xalq Respublikasining Shinjon–Uyg‘ur Avtonom Rayoni hududida joylashgan Shinjon–Uyg‘ur Avtonom Rayoni Bolalar shifoxonasiga malaka oshirish maqsadida xizmat safarida bo‘ldilar. Ushbu safar Xitoyda tibbiy texnologiyalar bo‘yicha o‘tkazilgan Ikkinchi o‘quv kursi doirasida amalga oshirildi.

  Shinjon–Uyg‘ur Avtonom Rayoni Xitoyning o‘ziga xos hududlaridan biri bo‘lib, tibbiyot va sog‘liqni saqlash sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘quv kursi davomida bolalar xirurgiyasi yo‘nalishi bo‘yicha X.X. Abbasov, chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi yo‘nalishi bo‘yicha esa Sh.G. Jumanov o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini oshirdilar.

  O‘quv kursining muhim masalalari

  O‘quv kursi davomida Xitoyning yetakchi mutaxassislari va professorlari tomonidan turli amaliy mashg‘ulotlar hamda ilmiy seminarlar o‘tkazildi. Kursning asosiy e’tibori bolalar xirurgiyasi, shuningdek, chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi sohasida ilg‘or tibbiy texnologiyalarni amaliyotda qo‘llashga qaratildi.

  X.X. Abbasov bolalar xirurgiyasi sohasida kam invaziv jarrohlik amaliyotlarini malakali jarrohlar bilan birgalikda o‘rganish va ushbu operatsiyalarni amaliyotda bajarish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, u ko‘krak qafasining girdobsimon deformatsiyasi, qizilo‘ngach atreziyasi, o‘tkir appenditsit, qizilo‘ngach atreziyasi bo‘yicha operatsiyalardan keyingi chandiqli torayishlar va oqmalar kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarida tajriba orttirdi. O‘tkazilgan amaliyotlar davomida Xitoyning yetakchi mutaxassislari bilan birgalikda jarrohlik jarayonlarini chuqur o‘rganib, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish usullarini o‘zlashtirdi.

  Sh.G. Jumanov esa chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiya bo‘limida tahsil olish davomida bolalar reanimatsiyasiga oid ilg‘or texnologiyalarni o‘rganib, bemorlarni operatsiya oldidan tayyorlash hamda operatsiyadan keyingi davrda parvarish qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘ldi. U bolalar intensiv terapiyasining barcha jihatlarini chuqur o‘zlashtirib, yangi usullar va texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini egalladi.

  Xitoydagi tajriba va hamkorlik

  Shinjon–Uyg‘ur Avtonom Rayoni Bolalar shifoxonasi yuqori malakali shifokorlari va ilg‘or tibbiy infratuzilmasi bilan nafaqat Xitoyda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi sog‘liqni saqlash muassasalaridan biri hisoblanadi. Ushbu muassasada o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlar va ilmiy tadqiqotlar SamDTU ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasi mutaxassislarining kasbiy mahoratini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Shinjon Bolalar shifoxonasining ijrochi direktori Ren Xiaotun, Torakal xirurgiya bo‘limi boshlig‘i Xe Szeyun hamda chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiya bo‘limi boshlig‘i Nuriya Rajab o‘quv kursi davomida malakali mutaxassislarni tayyorlash jarayonida o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

  Mazkur malaka oshirish safari bolalar xirurgiyasi hamda chaqaloqlar reanimatsiyasi va intensiv terapiyasi yo‘nalishlarida ilmiy va amaliy tajriba orttirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. SamDTU ixtisoslashtirilgan bolalar xirurgiyasi klinikasi Xitoyning ilg‘or tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali bolalar sog‘lig‘ini saqlash sohasida xalqaro miqyosda yetakchi o‘rinlarni egallashni maqsad qilgan. Mutaxassislarning orttirgan tajribalari nafaqat zamonaviy tibbiy yondashuvlarni joriy etishga, balki sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.