2025 yil 10 mart kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida bosh vrach, professor J.A. Shamsiyev tashabbusi bilan SamDTU DKTF pediatriya kafedrasining neonatologiya kursi professori K.R. Dilmuradova ishtirokida ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi – pediatriya va neonatologiyada dolzarb muammo bo‘lib turgan TORCH-infeksiyalarining zamonaviy tekshirish va davolash usullari muhokamasiga bag‘ishlandi. Unda bolalarda uchraydigan TORCH-infeksiyalarining etiologiyasi, yuqish yo‘llari, patogenezi, klinik kechishi, og‘ir asoratlari va ularni kompleks davolash usullari tahlil qilindi. Xususan, NeoCytotekt preparatini qo‘llashning samaradorligi alohida ta’kidlandi.
Seminar savol-javoblar va bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Unda klinikaning barcha vrach-ordinatorlari, reanimatolog-anesteziologlari, DKTF bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatsiya hamda 1-son bolalar xirurgiyasi kafedralari professor-o‘qituvchilari, klinik ordinatorlar, vrach-internlar, shuningdek, pediatriya fakultetining 506-510-guruh talabalari ishtirok etishdi. Jami 102 nafar mutaxassis va talabalar seminarda qatnashdi.