2025-yil 10–13-aprel kunlari Yaroslavl davlat tibbiyot universitetida Rossiya bolalar jarrohlari uyushmasi hamkorligida “Bolalarda gastrostoma va ichak stomasi” mavzusidagi Rossiya bolalar jarrohlari simpoziumi hamda “Bolalar jarrohligi, anesteziologiyasi va reanimatsiyasining dolzarb masalalari” bo‘yicha 31-Rossiya (64-Umumiyittifoq) ilmiy talabalar konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Ilmiy simpoziumda taniqli olimlar va yetakchi bolalar jarrohlari ishtirok etdilar. Jumladan: I.M. Sechenov nomidagi Birinchi Moskva davlat tibbiyot universitetining L.P. Aleksandrov nomidagi bolalar xirurgiyasi va urologiya-andrologiya kafedrasi mudiri, Akademik Yu.E. Veltishchev nomidagi RNIMU direktori, Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligining bosh bolalar jarrohi professor D.A. Morozov; RNIMU N.I. Pirogov nomidagi akademik Yu.F. Isakov bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri, Markaziy federal okrug va Moskva sog‘liqni saqlash boshqarmasining bosh bolalar jarrohi, Rossiya pediatriya jarrohlari assotsiatsiyasi Prezidiumi raisi, Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi professor A.Yu. Razumovskiy; shuningdek, professorlar V.F. Blandinskiy, N.A. Tsap, I.Yu. Karpova, I.V. Poddubniy, O.V. Karaseva, M.A. Barskaya, A.V. Pisklakov, M.A. Akselrov va boshqalar.
Mazkur ilmiy forumda O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etdilar. Jumladan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti diplomdan keyingi ta’lim fakulteti bolalar xirurgiyasi, anesteziologiya va reanimatsiya kafedrasi mudiri, SamDTU ixtisoslashgan bolalar jarrohlik klinikasi bosh shifokori professor J.A. Shamsiyev hamda SamDTU 1-son bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri professor Sh.A. Yusupov o‘z ilmiy izlanishlari natijalari yuzasidan ma’ruzalar bilan ishtirok etdilar.
Simpozium doirasida 30 dan ortiq ilmiy ma’ruza taqdim etilib, forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yetakchi mutaxassislar tomonidan bolalarga jarrohlik yordam ko‘rsatishning yangi tartibi, umumiy jarrohlar bilan hamkorlik strategiyasi, nuqsonli chaqaloqlarni yo‘naltirish tartibi hamda klinik ko‘rsatmalarni takomillashtirish masalalari keng muhokama qilindi.
Simpozium yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.